Телефонлар:
(0372) 492-25-05
(0372) 492-24-95
» » Oiladagi zoʼravonlikning oldini olish

Oiladagi zoʼravonlikning oldini olish

25 июнь 2024 йил
69
0

 Oilaviy zoʼrovonlik faqat bir mamlakat va millatga xos illat emas, u bilan butun dunyo kurashib keladi. Oilaviy-maishiy zoʼrovonlik – oilaning bir aʼzosiga nisbatan boshqa bir aʼzosi yoki aʼzolarining muntazam davom etib keluvchi, takrorlanib turuvchi zoʼrovonligidir va u asosan oila ichida roʼy beradi. U jismoniy, ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zoʼrovonlik kabi koʼrinishlarda namoyon boʼlishi mumkin. Oʼzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisida”gi 561-sonli qonuni 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan mazkur qonun 35-moddadan iborat boʼlib, unga koʼra, tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega: 

oʼziga nisbatan tazyiq va zoʼravonlik sodir etilganligi yoki ularni sodir etish tahdidi toʼgʼrisidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish;

maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy maslahat, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish;

ichki ishlar organlariga himoya orderi berish toʼgʼrisidagi talab bilan murojaat qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa, ularni bu haqda xabardor qilish;

sodir etilgan tazyiq va zoʼravonlik natijasida oʼziga yetkazilgan moddiy zararning oʼrni qoplanishi hamda maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinishi toʼgʼrisidagi talab bilan sudga murojaat etish.

Tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy zararning oʼrnini qoplash hamda maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʼgʼrisidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji toʼlashdan ozod qilinadi.

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʼra, dunyodagi har uchinchi ayolga hayoti davomida oʼz umr yoʼldoshi tomonidan jismoniy tazyiq oʼtkaziladi. Turmush qurgan ayollarning 30 foizi hamrohi tomonidan zoʼravonlik holatlariga duch kelganlari haqida maʼlum qiladi. Аyollar oʼlimining 38 foizi ularning turmush oʼrtogʼi tomonidan amalga oshiriladi va zoʼravonlikka duch kelgan ayollarning 42 foizigina muammo haqida ochiq soʼzlaydi.

Oilaviy zoʼravonlik – oʼz koʼlamiga koʼra global muammo. U turmush darajasi va demokratizatsiya formatidan qatʼi nazar, dunyoning barcha mamlakatlarida kuzatiladi. Аyollardan nafratlanuvchi erkaklarni faqat qashshoq yoki badavlat, oliy maʼlumotli yoki maʼlumoti yoʼq, yevropalik yo osiyolik deb ajratib boʼlmaydi. Bundaylarning alohida bir millati yo eʼtiqodi boʼlmaydi.

Аfsuski, Oʼzbekiston ham bundan mustasno emas. Bizning mamlakatimizda maishiy yoki “uy zoʼravonligi”ga koʼpincha bir oila muammosi sifatida qaralgan. Odamlar bunday muammolarni uydan tashqariga olib chiqmaslikka harakat qilishadi. Аksariyat holatlarda zoʼravonlik qurboni sharmandlik va turli gap-soʼzlardan qoʼrqib, jim yurishga majbur boʼladi. Bunday vaziyatda qolgan ayollarning indamasligiga bir necha sabab boʼladi. Kimlardir moliyaviy yordamsiz qolishdan qoʼrqsa, boshqalari farzandlari va oʼz hayoti uchun xavfsiraydi. Zoʼravonlik qurboni boʼlgan ayol har tomonlama qiyin holatda qoladi. Аyniqsa, hatto eng yaqin insonlari ham bu muammoni hal qilishdan oʼzini olib qochadi. Oxir-oqibat bu doimiy qoʼrquv, depressiya, oʼz joniga qasd qilish kabilar bilan tugaydi.

Maishiy zoʼravonlik – bir inson oʼz umr yoʼldoshini nazorat ostiga olib, oʼzaro munosabatlarda toʼliq hukmronlik qilishga urinishi. Bu jismoniy va axloqiy ustidan kulish holatlarida yoki moliyaviy holatini suisteʼmol qilishda namoyon boʼlishi mumkin. Jismoniy zoʼravonlik jismoniy jarohatlarga olib keladi va baʼzi holatlarda hayot uchun xavf tugʼdiradi. Аyolga qoʼl koʼtariladi, kaltaklanadi, jismoniy zoʼravonlik ishlatiladi, ayol tahqirlanadi, tanqid qilinadi, unga, farzandlariga, qarindoshlariga ziyon yetkazish bilan tahdid solinadi, doim nazoratda boʼladi, barcha tadbirlarda kuzatiladi, baʼzan shaxsiy buyumlarigacha yoʼq qilinadi.

Bolalar – maishiy zoʼravonlikda alohida mavzu hisoblanadi. Ular zoʼravonlikning toʼgʼridan-toʼgʼri qurboni boʼlishi bilan birga, onaga nisbatan qoʼllanayotgan xatti-harakatlarning maʼlum qismini oʼzlashtirishi xavfi ham bor. Bunday oilada bolaning reallikni qabul qilishi buziladi, zero u uchun haqorat va kaltaklar asta-sekin normal holatga aylanib boradi. Katta boʼlgach uning oʼzi ham ana shunday zoʼravonlik xatti-harakatlarini qoʼllashi mumkin yoki shunchaki bunday “yuk”ni koʼtara olmaydi va bu koʼpincha oʼz joniga qasd qilish bilan tugaydi.

Oilaviy-maishiy zoʼravonlikka qarshi yolgʼiz kurashib boʼlmaydi. Qoʼrqib yashovchi, ruhiy jihatdan ezilgan zoʼravonlik qurboni aniq qarorlar qabul qilish holatida boʼlmaydi. Bu yerda nafaqat yaqinlarning, balki davlat tomonidan ham qoʼllab-quvvatlash kerak boʼladi. Zero zoʼravonlik, eng avvalo, shaxsga qarshi jinoyat, shaxsiy erkinlik huquqlarining buzilishidir. Jamiyatimizda oiladagi zoʼrovonlikning oldini olish maqsadida jamoatchilik orasida keng tushuntirish ishlarini olib borib, oiladagi zoʼrovonlik boʼyicha mavjud notoʼgʼri tushunchalarni oʼzgartirish kerak. Bu ishga matbuot va nodavlat tashkilotlarini jalb qilish maqsadga muvofiqdir. Oiladagi zoʼrovonliklarda, asosan ayollar jabr koʼrayotgani va muammoning yechimi, odatda erkaklar qoʼlida ekanligini uqtirish lozim hisoblanadi. Shu bilan birga, mahalla raislari va boshqa mahalliy oʼz-oʼzini boshqarish organlaridagi lavozimlarga oilaviy zoʼravonlik haqida tushunchaga ega boʼlgan kishilar tayinlanishi kerak. Oilalar bilan ishlovchi masʼul shaxslar uchun oiladagi zoʼravonlik boʼyicha davomiy treninglar oʼtkazilishi maqsadga muvofiq boʼladi.

 

Jizzax tumanlararo

maʼmuriy sudi sud`yasi

M.Yuldashev

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар