O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA O‘ZGARTISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITILDI.
Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilishning institusional hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, bolalar orasida nazoratsizlikning va ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga, shuningdek nogironligi bo‘lgan bolalarni hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda bir qator muammolar mavjud. Xususan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagan, xotin-qizlarni shilqimlik va zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy kafolatlari mavjud emas, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga davlat himoyasini taqdim etuvchi orderning amal qilish muddati (o‘ttiz kun) xotin-qizlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari yetarli darajada himoya qilinishini ta’minlash imkonini bermaydi, alimentlarni to‘lamaganlik uchun jazo sifatida jarima solinishi yanada ko‘proq moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Bundan tashqari Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) idoralararo komissiyalarining faoliyati isloh etilib, ular tegishincha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) komissiyalari etib qayta tashkil etildi.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohada o‘z huquqlari va manfaatlarini amalga oshirishida qo‘llab-quvvatlash masalalarini tartibga soluvchi qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirishni nazarda tutuvchi, shuningdek bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlab qo‘yuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun xotin-qizlar va bolalarga nisbatan shilqimlik hamda zo‘ravonlikning oldini olishga, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashga, bolalar va xotin-qizlar huquqlari bilan bog‘liq xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi, shuningdek Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) komissiyalari faoliyatining mustahkam huquqiy asosini yaratadi.
Hamda Mamlakatimizda sud tizimini takomillashtirishga, tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolarning, shu jumladan bolalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga, shuningdek maktabgacha ta’lim tizimini isloh etishga va yanada rivojlantirishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.
Bundan buyon ham fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash, ma’muriy organlarning qarorlari ustidan ma’muriy sudlarga shikoyat qilish imkoniyatini kengaytirish maqsadida ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga ma’muriy organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish muddatini 3 oydan 6 oygacha ko‘paytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.
Shuningdek bolalarni xorijiy mamlakatlar hududida zarur darajadagi vasiylik va homiyliksiz qoldirishning oldini olish, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida ushbu Qonun bilan «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, bolalarni xorijiy mamlakatlar hududida nazoratsiz qoldirganlik uchun javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyati uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishini oshirish maqsadida ushbu Qonun bilan «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar soni 25 nafardan 50 nafargacha ko‘paytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.
«1221-modda. Bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan bolani ota, ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa yoxud O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan va chet davlat hududida turgan bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda O‘zbekiston Respublikasi hududiga qaytarilishini ta’minlamaslik, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish:
- a) takroran yoki xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
- b) badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish:
- a) o‘ta xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
- b) jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa;
- v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan bolaning O‘zbekiston Respublikasiga qaytarilishini jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida ta’minlagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar, shuningdek ilgari ushbu modda bo‘yicha javobgarlikdan ozod qilingan shaxslar mustasno
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor
tumanlararo sudi raisi Dj.Esanov