Yoshlar agrar sohada o‘z o‘rnini topib, sof daromad olmoqda
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Jizzax viloyatiga qilgan amaliy tashrifi davom etmoqda. Navbatdagi manzil – Zarbdor tumanidagi “Toza urug‘” SIU hududida vazir Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi agrar soha mutasaddilari 500 gektarlik piyoz plantatsiyasini ko‘zdan kechirishdi.
Ahamiyatlisi shundaki, aynan mana shu piyoz dalasining 57 gektari shu yaqin atrofda istiqomat qiluvchi turli ijtimoiy daftarlarga kiritilgan 110 nafardan ortiq yoshlarga 50 sotixdan bo‘lib berilgan.
Bizdan talab qilinadigani esa omilkorlik bilan ish tutish, vaqt ajratish, hafsala qilish va birozgina mehr berish. Bir paytlar suv muammosi bois o‘zlashtirilmay yotgan bu yerlarda bugun yuqorida aytganmiz omilkorlik bilan ish yuritish, vaqtni qizg‘anmasdan hafsala bilan mehr berish tufayli mo‘l hosil yetishtirilmoqda.
Urug‘i Gollandiyadan keltirib ekilgan piyozlar bugun juda yaxshi rivojlanmoqda. Tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Barcha zaruriy agrotexnik tadbirlar mutaxassislarning maslahatiga binoan o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirilmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yerda gektaridan 150 tonnagacha piyoz hosili olish mo‘ljal qilindi. Keyingi yil hosili uchun aynan 1 gektar yerda piyozning sara urug‘i ham yetishtirilmoqda.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov dala boshida ko‘rsatilayotgan agrotexnik tadbirlar haqida mirishkorlar va yosh dehqonlar bilan suhbatlashar ekan, keyingi yillarda oziq-ovqat sanoatida qizil va oq piyozga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini ta’kidlash bilan birga, Ispaniya va Gollandiyadan mazkur piyozlarning sara urug‘larini keltirib yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, ularga ishlov berishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar xususida ham o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.
Soha mutaxassislarining takliflari piyoz yetishtiruvchi tadbirkorlar va agrar sohada o‘z o‘rnini topayotgan yoshlarga birdek manzur bo‘ldi.