O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon mazmun-mohiyati
Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmati, manfaatlari, davlat organlarining jamiyat oldida hisobdorligini ta’minlash islohotlarning bosh maqsadi etib belgilangan.
Bugungi kunda, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar, jinoyat ishlari, mansabdor shaxslarning chiqarilgan qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar hamda sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilgan.
Bu o‘z o‘rnida, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida yakka tartibda faoliyat yuritayotgan bir nafar sudyaning o‘ziga juda ko‘p ishlarni ko‘rib chiqish vazifasini yuklamoqda va bu fuqarolar tomonidan o‘rinli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan edi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yil 10 iyunda qabul qilgan «Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni sudlar faoliyatida ochiqlik, shaffoflikni ta’minlash bilan bir qatorda, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatini yanada kuchaytiradi.
Ushbu farmonga muvofiq Sudyalar oliy kengashiga Oliy sud bilan birgalikda 2025 yil 1 yanvariga qadar tergov sudyasi lavozimi joriy etiladigan sudlarning yuqori malakali va mas’uliyatli kadrlar bilan to‘ldirishini ta’minlash yuklatildi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida ish boshlaydigan tergov sudyalari jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalalari, ya’ni, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish hamda prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi va boshqa iltimosnomalarni ko‘rib chiqadi.
Shuningdek, tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ham yuklatilmoqda.
Bu bilan jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudlar sudyalari o‘rtasida ish hajmi mutanosibligini to‘liq ta’minlashga erishiladi.
Sudyalar tomonidan jinoyat ishlarini ko‘rish davomida ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi, sudlanuvchilarning barcha vajlari tekshirilishi va taraflar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarni to‘liq ko‘rib chiqilishi uchun zamin yaratadi.
Farmonga muvofiq, tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunishi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Bunda tergov sudyalarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilishi, tergov sudyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Harbiy sud raislari tomonidan amalga oshirilishi hamda qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinch-totuvligini ta’minlash tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Qabul qilingan mazkur farmonga asosan yangi kiritilayotgan o‘zgartirishlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ta’minlagan holda, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning ish yuklamasini kamaytirilishiga hamda sudyalarning jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish jarayonlarida qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishlarida keng imkoniyatlar yaratadi.
Sud-huquq sohasiga bag‘ishlangan Prezident farmoni avvalambor, “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida qabul qilingan bo‘lib, adolatli sud tizimini shakllantirish, xalq manfaati va inson qadr-qimmatini sud orqali samarali himoya qilish hamda fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchi oshishiga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari boyicha Zarbdor tuman sudi raisi
Q.Q.Mamaraximov