Телефонлар:
(0372) 492-25-05
(0372) 492-24-95
» » Transport vositalarini boshqarishda qanday xatoliklarga yo‘l qo‘yilganda jarima maydonchasiga joylashtiriladi?

Transport vositalarini boshqarishda qanday xatoliklarga yo‘l qo‘yilganda jarima maydonchasiga joylashtiriladi?

04 декабрь 2023 йил
84
0

Ushbu masala Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi кodeks hamda yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma bilan tartibga solingan.

O‘zbekistonda ichki ishlar organlari tomonidan qator holatlarda transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin. 

Ular:
- tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transportlar boshqarilganda;

- foydalanish man etilgan transport vositalari, shuningdek davlat raqami o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transportlar boshqarilganda;

- davlat raqami yasama yoki o‘zgartirilgan transport vositalari, shuningdek davlat raqami shu transport vositasiga tegishli bo‘lmagan transport boshqarilganda;
- ruxsatnomasiz og‘ir vaznli, yirik gabaritli, xavfli yuklarni tashish va yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit o‘lchamlari belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transportlarda yo‘lga chiqilganda, xuddi shuningdek ruxsatnomada ko‘rsatilgan harakat yo‘nalishidan chetga chiqilganda;

- ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositalaridan, haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transportlardan foydalanilganda;
- ruxsat olmasdan transportlarga tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalar o‘rnatilganda, shuningdek davlat raqamini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan ashyolar o‘rnatilganda va qoplama surtilganda;

- to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalari buzilganda;

- transport alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarilganda;

- alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast shaxsga transport vositasini boshqarish topshirilganda;
- transportni boshqarish, unga egalik qilish, undan foydalanish, tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi, ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi hujjatlari, sug‘urta polisi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa lisenziya kartochkasi yoki yo‘l varaqasi yonida bo‘lmagan haydovchilar transportni boshqarganida, shuningdek ishonchnomalarni, transportni boshqa shaxsga o‘tkazish va ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan transport boshqarilganida;

- transportni boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning transportni boshqarganida, shuningdek boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarish topshirilganda;

- transportni boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar transportni boshqarganida;
- majburiy sug‘urta bo‘yicha majburiyat bajarilmaganida;
- sug‘urta polislarida belgilanmagan davrda hamda sug‘urta polislaridagi shartlarni buzgan holda transport boshqarilganda;

- haydovchilar alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik yoki mast emaslikni aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganda hamda mazkur huquqbuzarlik transportni boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilganda;

- yo‘l-transport hodisasi qatnashchilari hodisa yuz bergan joydan ketib qolganida;

- yo‘lovchilar lisenziyasiz tashilganda;

- haydovchilar milisiya xodimining transportni to‘xtatish, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaganda;
- qonun hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Huquqbuzarliklar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilganda transport vositasi (jarima solish haqidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran oltmish kun o‘tgach) jarima to‘langunga qadar ushlab turiladi.

 

Jinoyat ishlari bo'yicha Zarbdor tuman sudining raisi Sh.X.Mirzaaxmedov

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар