Belgilanmagan joylarda cho‘milmang!!!
Yozning jazirama kunlarida ko'pchilik cho'milish, so'lim joylarda hordiq chiqarishni xush ko'radi. Biroq, ayrimlar aksariyat hollarda cho'milish xavfsizligi, madaniyati, tartib-qoidalariga rioya qilishni unutib qo'yadi. Duch kelgan ochiq suv havzasida cho'milib ketaveradi.
Ma'lumki, ko'pgina suv havzalari, daryo, kanal, ariq va soylarda sug'orish mavsumida suv to'lib oqadi. Ba'zi suv havzalarining shunday joylari borki, tagidan quvur orqali boshqa ariqqa o'tadi va har qanday jism, hatto odamni ham qa'riga tortib ketishi mumkin. Bunday joylarda cho'milish hayot uchun juda xavfli.
So'nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda belgilanmagan yoki taqiqlangan joyda cho'milish oqibatida baxtsiz hodisalar ro'y berayotganligi haqidagi turli noxush xabarlar tarqalmoqdaki, ular har birimizni ogohlikka da'vat etishi, shubhasiz.Hech bir inson “suvda cho'kish men va mening yaqinlarim bilan sodir bo'lmaydi”, deya beparvolikka berilmasligi kerak. Zotan, o'zimiz, oila a'zolarimiz, yaqin kishilarimizni doimo ogoh va ehtiyot bo'lishga chaqirish kundalik vazifamizdir.
Shuni unutmaslik kerakki, sug'orish mavsumida yirik daryo va kanallarning suvini tezda yoki butunlay to'xtatishning imkoni yo'q. Aks holda bu yanada kattaroq ko'ngilsizliklarning sodir bo'lishiga olib kelishi ham mumkin. Qolaversa, suvning atigi bir kunga to'xtatib turilishi minglab gektar maydondagi qishloq xo'jalik ekinlari hosiliga katta zarar yetishiga olib kelishi mumkinligini ham unutmaslik kerak.
Favqulodda vaziyatlar bo'linmalari tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarning e'tiborini jalb qilish maqsadida yirik suv inshootlarining ko'rinarli joylariga turli ogohlantiruvchi belgilar, shiorlar joylashtirilgan. Bundan tashqari, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda aholi o'rtasida targ'ibot-tashviqot ishlari, davra suhbatlari, seminarlar o'tkazilmoqda.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, cho'milishda turli baxtsiz hodisalar sodir bo'lishining oldini olish uchun belgilanmagan joylarda (daryo, soy, ko'l, suv ombori, kanal va ariq) cho'milmaslik, “Cho'milish taqiqlanadi” maxsus belgilariga qat'iy amal qilish, yosh bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik, faqatgina cho'milish ruxsat etilgan maxsus suv havzalarida cho'milish talab etiladi.
Har bir faslning o'ziga yarasha jozibasi bo'lgani kabi yozning issiq tafti ham insonlarni soya-salqinlikka chorlaydi. Zamonaviy sovutgich o'rnatilgan xonada dam olishga, muzdek salqin ichimlik ichishga yoki bo'lmasa huzurbaxsh suvda maza qilib cho'milishga nima yetsin.Biroq statistik ma'lumotlarga qaraganda, har yili dunyoda 360 ming nafarga yaqin inson belgilanmagan joylarda cho'milish oqibatida hayotdan bevaqt ko'z yumar ekan.
Suvga cho'kish holatlarning deyarli 99 foizi belgilanmagan va cho'milish ruxsat etilmagan joylarda qayd etilgan. Bunday joylar tuman xududidan oqib o‘tuvchi DM-1, DM-2, DM-3 kanallari kiradi.
Zarbdor tuman FVB boshlig‘i o‘rinbosari kapitan S.Xolmuradov