Davlat xizmatlarining soni va sifati oshiriladi
Davlat rahbarining 2023-yil 28-fevraldagi farmoniga ko'ra, xalqning og'irini yengil qilish, aholi uchun qo'shimcha qulayliklar yaratish va ularning xarajatlarini tejash maqsadida, 2023-yil 1-iyuldan boshlab:
- a) barcha davlat organlari va tashkilotlarida «Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish» chora-tadbirlari belgilanmoqda.
Vazirlar va boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari 15 kun muddatda o'z tizimida masofadan turib, shu jumladan mobil ilovalar orqali ko'rsatiladigan davlat xizmatlarini ko'paytirish, undiriladigan to'lovlar miqdorini kamaytirish, talab qilinadigan ortiqcha hujjatlarni bekor qilish, ko'rib chiqish jarayonlari va muddatlarini keskin qisqartirish, shaffoflikni oshirish, aholi va tadbirkorlar bilan doimiy muloqot maydonchalarini tashkil etish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, tezkor va sifatli xizmat ko'rsatishga o'qitish bo'yicha tadbirlar dasturini tasdiqlab, aholi va tadbirkorlarga e'lon qiladi;
- b) davlat xizmatlari markazlari orqali ko'rsatiladigan davlat xizmatlari soni 300 taga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko'rsatiladigan xizmatlar soni esa 570 taga yetkaziladi;
- v) aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi bo'lgan shaxslar, og'ir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali ko'rsatilgan xizmat uchun qo'shimcha to'lov undirilmagan holda ko'rsatish yo'lga qo'yiladi;
- g) elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o'tkazish bo'yicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda ko'rsatish (fuqaro murojaatini kutmasdan, xizmat ko'rsatuvchi tashkilotning o'z tashabbusi bilan) taklifini yuborish yo'lga qo'yiladi.
Zarbdor tumani adliya bo‘limi
Yuridik markazi bosh yuriskonsulti
A.Abduvaitov