Zarbdor tumanida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarining barvaqt oldini olish borasida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar davom etmoqda
Zarbdor tumanining “qizil” toifada turuvchi mahalalariga huquq-tartibot idoralarining zarur kuch va vositalari jalb etilib, muammolarni hududning o‘zida yechish hamda kriminogen vaziyatni barqaror saqlashga alohida e’tibor berilmoqda. Jizzax viloyati prokurori, adliya katta maslahatchisi Islomjon Ergashxo‘jayev hamda viloyat IIB boshlig‘i, general-mayor Gʻayrat Qodirovlar tomonidan bu boradagi ishlar o‘rganildi. Shu bilan birga tuman IIB JXX probatsiya guruhi nazoratida jazo o‘tayotgan mahkumlar bilan muloqot qilindi. Tadbirda ularning oilaviy sharoiti, bandligi hamda mavjud masalalariga e’tibor qaratildi.
Tumandagi “Mustaqillik” MFY “qizil” toifadagi hudud sanaladi. O‘rganish davomida mahalladagi beshlik bilan suhbat qilinib, hududda joriy yilning o‘tgan davrida sodir etilgan qonunbuzarliklar tahlil qilindi. Ularning sabab va omillari aytilib, jinoyatchilikning oldini olishda huquq-tartibot xodimlari keng jamoatchilik bilan hamkorlikda ish olib borish kerakligi qayd etildi.
Oilaviy ajrimlar, ichkilikka ruju qo‘yganlar, nizoli oilalar bilan ishlash, ularning muammoli masalalarini hal etish bo‘yicha qilinadigan ishlar belgilandi. Xuddi shunday Adirobod mahallasida mahalla faollari va sektorlar rahbarlari ishtirokida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ishlar muhokama qilindi.
Xizmatni tizimli ravishda mas’uliyat va hushyorlik bilan tashkil etishga qaratilgan mazkur tadbir chog‘ida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Shuningdek, jinoyatchilikni jilovlash va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan tajribalarni ommalashtirish lozimligi tilga olindi.
Zarbdor tuman hokimligi Axborot xizmati