“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi – xalq strategiyasi
Prezidentimizning farmoni bilan kelgusi ulkan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda dasturilamal bo‘lishi belgilangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi tasdiqlandi va uni 2023-yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatlarning qabul qilinishini keng jamoatchilik juda katta xushnudlik bilan qarshi oldi. Boisi, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasi muhokamasida xalqimiz tomonidan bildirilgan har bir fikr, taklif qunt bilan o‘rganildi.
Davlatimiz rahbari bu haqda so‘z yuritar ekan, “Xalq manfaatini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan harakatlarni davom ettirish maqsadida “O‘zbekiston–2030” strategiyasini ishlab chiqdik. Uning loyihasini muhokamaga qo‘yganimizda 1 milliondan ko‘p takliflar kelib tushdi. Bu nimadan dalolat? Xalqimiz befarq emas. Yo‘nalishlarimizni, kamchiliklarimizni ko‘rsatib beryapti. Bu biz uchun «yo‘l xaritasi». Davlatga eng katta hakam – xalq,” - deb ta’kidlab o‘tgani ham “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, tom ma’noda xalq strategiyasi ekanining yaqqol isbotidir.
Darhaqiqat, mazkur hujjatda Vatanimiz mustaqilligini va tinchligini asrash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, xalqimiz hayotini obod va farovon qilish, farzandlarimizni barkamol etib tarbiyalash vazifalari belgilangan.
“O‘zbekiston–2030” strategiyasidan o‘rin olgan 5 ta ustuvor yo‘nalish hamda 100 ta maqsad asosida, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish borasidagi sa’y harakatlar sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqiladi.
Har qanday ezgu g‘oyalar yurtparvar, elparvar insonlarning fidoyiligi, shijoati va albatta, mehnati bilangina amaliy samara beradi. Shu sabab, farmonda “O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida eng ustuvor vazifa etib belgilandi hamda bu bo‘yicha ularning birinchi rahbarlariga shaxsiy mas’uliyat yuklandi.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: “Sodda qilib aytganda, bizning maqsadimiz bitta: u ham bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonda xalqimiz yayrab ishlaydigan, hayotdan rozi bo‘lib, yayrab yashaydigan davlat qurishdan iborat”.
Sh.X.Mirzaaxmedov
Jinoyat ishlari bo'yicha
Zarbdor tuman sudining raisi