QONUNCHILIKDAGI YANGILIKLAR – SUDYALAR TARGʻIBOTIDA
Joriy yilning 05 yanvar kuni Zarbdor tuman soliq inspeksiyasi binosida Zarbdor tumanidagi korxona, muassasa va tashkilotlar huquqshunoslari, inspeksiya xodimlari hamda tuman hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida qonunchilikdagi yangiliklar yuzasidan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Xususan, tadbir davomida Jizzax viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi M.Fayazov tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 25 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-888-sonli Qonunining mazmun yuzasidan viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyasiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida ko‘rish bosqichi joriy etilganligi, jumladan, apellyasiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilinganligi hamda ularning zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish mas’uliyati yuklatilganligi hamda mazkur qonun bilan kiritilgan boshqa yangiliklar haqida ham ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Begmatov tomonidan esa O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 18 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-883-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan qatnashchilarga tushuntirishlar berib, mazkur qonunga binoan Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 75 ta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuzilishi, Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish uchun O‘zbekistonning butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanishi, deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanishini va qonun bilan belgilangan boshqa yangiliklar xususida ma’lumotlar berib o‘tdi.
Uchrashuv savol-javoblarga boy tarzda o‘tib, sudyalar tomonidan qatnashchilar tomonidan berilgan savollarga huquqiy tushuntirish berildi.