QONUNCHILIKDAGI YANGILIKLAR
Rivojlanishga asos bo‘lgan qonunchilikdagi islohotlar, ya’ni, yurtimizda qabul qilinayotgan har sohaga oid qonunlar nafaqat fuqarolar huquq va erkinliklariga zamin yaratib beradi, balki, davlatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashga, xalqqa xizmat qiladigan tizimni yaratishga, qonunchilikdagi bir qator yangiliklar xalqaro maydonlarda asosiy o’rinlarni egallashga yo‘l ochib berishi mumkinligini ta’kidlashimiz lozim.
Bugungi kunda, mamlakat qonunchiligini yanada mustahkamlash uchun bir qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinmoqda.
O‘zbekiston Respeblikasining 2024 yil 19 fevraldagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida” gi Qonuni qabul qilingan bo‘lib, ushbu Qonunga ko‘ra, Qonunni imzolash va e’lon qilish hamda Qonunning Senat tomonidan ko‘rib chiqilishiga oid normalariga qo’shimchalar kiritilgan. Shu bilan birga mazkur Qonunning yana bir nechta moddalariga o‘zgartrishlar kiritilgan.
Shuningdek, Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida to‘lovga qobiliyatsizlik holatiga tushib qolgan tadbirkorlik subyektlarining to‘lov qobiliyatini tiklash tartib-taomillarini qo‘llash orqali ularni moliyaviy jihatdan sog‘lomlashtirish amaliyoti keng joriy etilmoqda. Bundan tashqari jismoniy shaxslarni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish asoslari va buning oqibatlari qonunchilik darajasida belgilab qo‘yildi. Shu bilan birga “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi uning qoidalari bir xil qo‘llanilishi uchun amaldagi qonun hujjatlari normalarini unga muvofiqlashtirish zaruratini keltirib chiqarganligi bois O‘zbekiston Respeblikasining 2024 yil 22 fevralida “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Qonun qabul qilindi. Mazkur Qonunga ko‘ra, “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining bir nechta moddalariga o‘zgartrish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Xususan, Qonunning 36-moddasiga ko’ra, Yuridik shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishlar qarzdor davlat ro‘yxatidan o‘tgan joydagi sudda, shuningdek qarzdor jismoniy shaxsning va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorning yashash joyidagi sudda ko‘rilishi belgilangan. Shuningdek, 210-moddaga ko‘ra, Yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy Protsessual Kodeksida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha, “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar e’tiborga olingan holda sud tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Shomurod Begmatov
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi