ODAM SAVDOSIGA QARSHI KURASHISH.
Bugungi kunda asr muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash nafaqat mahalliy, balki xalqaro darajadagi inson huquq va erkinlarini ta’minlashdagi asosiy masalalardan biridir. Achinarlisi, ushbu illatni oldini olishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy targ‘ibot tadbirlari olib borilishiga qaramay, millionlab insonlar odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Mazkur jinoyatning rivojlanishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri fuqarolarning xorijga borish va mehnat qilishning tartib-qoidalari xususida yetarlicha ma’lumotlarga ega bo‘lmasligi hamda firibgarlar tuzog‘iga ilinib qolishidadir.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda ham odam savdosini oldini olish va unga qarshi kurashish borasida ulkan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shildi hamda 2008 yilning 17 aprelida “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonunga ko‘ra, odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilishni anglatadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi.
Milliy komissiyaning sohadagi asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini ta’minlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish;
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qo‘yish amaliyotini o‘rganish;
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada axborotlarni yig‘ish, tahlil qilish va ma’ruzalar tayyorlash.
Aytish lozimki, bugungi kunga kelib odam savdosining avj olishiga, ya’ni insonni qandaydir bir buyum sifatida, ta’bir joiz bo‘lsa insonni oldi-sotdining ob’ekti sifatida foydalanilishi, ularning huquq va erkinliklarining poymol etilishiga nimalar sabab bo‘lmoqda?
— odam savdosi kabi noqonuniy faoliyat turi bir yoki bir necha a’zolardan iborat guruhlarning serdaromad manbasiga aylanib borayotgani, ya’ni ularning hech qanday og‘ir va mashaqqatli mehnatlarsiz mo‘may daromad olishga urinayotganligi;
— odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning soddaligi, o‘zining, yaqinlarining taqdiriga va kelajagiga befarqligi, loqaydligida. Ya’ni eng oliy ne’mat hisoblanmish erkin hayot tushunchasiga nisbatan yengil va beparvolik bilan qarashlari oqibatida ushbu odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchilarning o‘ljasiga, aniqrog‘i ularning oson daromad manbaiga aylanib qolmoqdalar;
— odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchi shaxslar o‘zlarining tanishlari, yaqin qarindoshlariga nisbatan, ya’ni ularning ishonchiga kirib olib, ularning odam savdosini qurboniga aylanib qolishiga sababchi bo‘layotganligida;
— odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning or-nomus qilib, ko‘rgan xo‘rliklari, ularga nisbatan ishlatilgan turli xildagi jismoniy yoki ruxiy tazyiqlar haqida yohud o‘zining noqonuniy ravishda chegarani buzib chiqib, chet davlatda hech qanday davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirganligidan qo‘rqib bular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etmasligi.
Odam savdosi faqatgina O‘zbekiston Respublikasining muammosi sifatida qarashimiz noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki hozirgi kunda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘plab mamlakatlarda keng tarqalib butun dunyo hamjamiyatini havotirga solmoqda. Eng achinarlisi, odam savdosi bog‘liq jinoyatchilikning keng quloch yozishiga: aholining ijtimoiy himoyaga muxtoj qatlamlari - ishsiz yurgan fukarolar, turmush hayotida ko‘p qiyinchilikka uchragan ayollar va ota – onasining e’tibori va qaramog‘idan chetda qolgan voyaga yetmagan shaxslarning go‘yoki ularning muommolarini hal qilgan kabi ko‘rinib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlarida foydalanayotganligi.
Xulosa o‘rnida shuni alohida qayd etib o‘tish kerakki, odam savdosiga qarshi kurash borasida aholining turli qatlamlari, ayniqsa, ayollar va voyaga yetmagan shaxslarga odam savdosi kabi illatning farovon turmush-hayotimizga soladigan xavfi va salbiy oqibatlari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish, ya’ni, aholining gavjum joylarida, mahallalarda, turli xil ta’lim muassasalarida, davlat idoralari, korxona, muassasa, tashkilotlarda targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish, keng tushuntirish ishlarini amalga oshirish, ularda huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish asosiy vazifalardan biridir.
Q.Q.Mamaraximov
Jinoyat ishlari bo’yicha Zarbdor tuman sud raisi