“Sharafli sudyalik kasbi”
Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudi raisi Q.Mamaraximov Zarbdor tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 23-sonli umumta’lim makabining bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan “Sharafli sudyalik kasbi” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudi raisi Q.Mamaraximov o‘quvchilar suhbat davomida qonun ustuvorligini ta’minlashda sudyalik kasbining burchlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan: O‘zbekiston Respublikasi Konstutitsiyasi 112-moddasiga ko‘ra: «Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar». Ta’rif qisqa va lo‘nda. Biroq buning zalvori-chi?
Sudyalik qanchalar sharafli bo‘lsa, mas’uliyati undan ham ulkan. Bu shunchaki aytiladigan gap emas. Zero, sud hokimiyati mamlakatning huquqiy-ma’naviy qiyofasini belgilovchi asosiy mezon hisoblanadi. Shu bois sudyalarga nisbatan kasbiy talablardan tashqari odob-axloqning umume’tirof etilgan me’yorlariga qo‘shimcha talablar ham qo‘yiladi. Bu talablar nainki sudyaning xizmat vazifasini bajarish jarayonida, balki xizmatdan tashqari paytda ham rioya etishi shart bo‘lgan axloq qoidalaridir. Bunday qoidalar majmui 2024 yil 15 maydagi Sudyalar oliy kengashining 1903-qarori bilan tasdiqlangan «Sudyalar odobi kodeksi»da o‘z aksini topgan.
E’tiborga olish kerak, mazkur kodeksda sudyalar uchun qonunchilik belgilangan muayyan cheklovlar atroflicha ifodalanishi tabiiy, biroq bu ular (sudyalar)ning milliy va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarida belgilangan barcha huquqlariga daxl qilmaydi. Masalan, kodeksning 12-moddasida «...sud hujjatlari qonuniy kuchga kirgunga qadar sudya ular yuzasidan ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emas»ligi belgilangan. Biroq «...agar ommaviy axborot vositalarida sudyaning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarqalishi natijasida sudlar va sudyalar faoliyati haqida noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lsa», bunday chiqishlariga nisbatan sudya qonun hujjatlarida nazarda tutilgan usullarda munosabat bildirish huquqiga ega.
Shart shuki, sudya ommaviy tanqidga javob berayotganida vazmin va ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Basharti, agar ommaviy axborot vositalarida sudya faoliyatining asossiz tanqid qilinishi oqibatida odil sudlovning obro‘siga va xolisligiga putur yetishi mumkin bo‘lsa, bunday tanqidga javoban Sudyalar oliy kengashiga murojaat etish maqsadga muvofiqdir.
Umuman, sudya ijtimoiy tarmoqlarda, internet-forumlarda va internet tarmog‘idagi boshqa shakldagi muloqotlarda ishtirok etishi mumkin, biroq u sud hokimiyatining, davlat organlarining nufuziga, boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan axborotni tarqatmasligi lozim.
Turmushda odob-axloq me’yorlariga rioya etish sudya odob-axloqining ajralmas qismidir. Ya’niki, bunda sudya birinchi navbatda o‘z majburiyatlarini bajarish chog‘ida o‘z diniy e’tiqodlari va mansubligini namoyish qilishdan o‘zini tiyishi lozim. Shuningdek, e’tiborni haddan tashqari jalb etadigan darajada kiyinmasligi, taqinchoqlar va boshqa bezaklar taqmasligi kerak.
Sudya o‘z nufuziga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ommaviy tadbirlar va boshqa jamoat joylarida bo‘lishdan o‘zini tiyishi lozim.
Sudyalar odobi kodeksi» sudyalarni xizmat va xizmatdan tashqari cheklovchi qoidalardagina emas. Balki ularning daxlsizligi, odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashuvlarni oldini qaratilgan huquqiy hujjat hamdir. Sud raisi tashkiliy-ma’muriy vakolatlarini amalga oshirishda sudyalarning mustaqilligini cheklovchi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yishga, ularga bosim o‘tkazishga, shuningdek sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga ta’sir ko‘rsatish maqsadida ma’muriy ta’sirning boshqa usullaridan foydalanishga haqli emas»ligi qayd etiladi. Chunki, barcha sudya – bir xil maqomga ega. Sudya mustaqilligining tub mohiyati ham shunda.
Xulosa o‘rnida aytsak, hujjatning ilk moddasida alohida qayd etilganidek, sudyalik maqomi, sudga murojaat qilgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va burchlariga doir masalalar yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilishga doir sudyalik vakolati muayyan shaxsga berilganligining o‘zi ushbu Kodeksga rioya etish zarurligini taqozo etadi.
Sud majlisida sudya protsessual qonun bilan berilgan vakolatidan juda ustamonlik bilan foydalanishi, o‘z munosabati bilan biron-bir kishini ranjitib qo‘yishi ehtimoldan xoli emasligini o‘ylab ish tutishi lozimligi, sudyaning harakatlari sud jarayonining u yoki bu ishtirokchisiga qarab ijobiy yohud salbiy ko‘rinishida bo‘lishi mumkin emasligi, adolatsizlikka umuman chidab bo‘lmasligi, buni uddalash uchun esa sudya ko‘p o‘qishi, izlanishi va axborot vositalaridan keng kamrovda foydalanib borishi zarur.
Yana bir narsani aytish joizki sudyalik madaniyatining muhim jihatlaridan yana biri bu sudyaning har qanday salbiy hislatlardan holi bo‘lish maqsadida o‘zini-o‘zi nazorat qilib borishidir. Sudya o‘ziga chetdan qaray bilishi, o‘zining harakatlarini tahlil kilib borishi va chegaralanishni bilishi zarurdir.
Sudya aslo unutmasligi kerakki, Prezidentimiz ta’kidlanganlaridek “Xalq ochlikka, qiyinchilikka, hamma narsaga chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka chiday olmaydi”. Shuning uchun sudya fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilishini to‘liq ta’minlashni o‘zining eng asosiy burchi deb bilishi va bu ishda fidoyilik ko‘rsatishi lozim.
Umuman olganda, sudya o‘zining odob-axloqi bilan el-yurtning hurmatli nazaridan qolmaslikka doimo harakat kilishi kerak. Zero, xalq nazari qudratli va unda izzatda bo‘lish eng oliy martaba-saodatdir!