FUQAROLARGA ESLATMA !
BOTULIZM KASALLIGIDAN EHTIYoT BO‘LING!
Botulizm – ovqatdan zaxarlanishlar ichida og‘ir kechadigan kasallikdir. Bu kasallik botulizm tayyoqchalari bilan zararlangan ovqatlarni iste’mol qilinganda vujudga keladi va markaziy asab tizimini shikastlanishi bilan kechadi.
Botulizm tayyoqchalari tabiatda keng tarqalgan bo‘lib, tuproq, suv, hayvon, baliqlar ichida uchraydi va qobiq ichida yillar davomida saqlanadi. Kislorodsiz va qulay sharoitda ko‘payadi hamda inson uchun xavfli bo‘lgan zaxar ishlab chiqaradi.
Kasallik odamga uy sharoitida termik ishlov berish qoidalariga amal qilinmay tayyorlangan konserva (sabzavot, meva, qo‘ziqorin, go‘sht, baliq) dudlangan tovuq go‘shti va kalbasa mahsulotlarini iste’mol qilishdan kelib chiqadi.
Konservalash jarayonida gigenik va texnik qoidalarga rioya qilinmaslik natijasida, mikrob konserva bankasida yopiq muhitda tez rivojlanadi.
Sifati buzilgan konserva mahsulotlari ichida gaz yig‘ilishi natijasida qopkog‘i ko‘tarilib qoladi. Shuning uchun bozor va do‘konlardan konserva mahsulotlarini xarid qilishda, mahsulotning sifati va konserva bonkasining holati hamda ishlab chiqarish muddatiga e’tibor berilishi lozim. Oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda, yaroqlilik muddati o‘tgan sifatsiz mahsulotlarni xarid qilib olmaslik tavsiya etiladi.
Botulizm va boshqa bakteriyalardan zaxarlangan odamda kasallik belgilari ikki soat o‘tib yoki sakkiz-o‘n kun davomida paydo bo‘ladi, xolsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin sohasida og‘riq, ichning tez-tez kelishi, tana haroratining ko‘tarilishi kuzatiladi. Botulizm kasalligida nafas olish qiyinlashadi, jismlar ko‘zga ikkita bo‘lib ko‘rinishi(diplopiya), ko‘z qovoqlarining osilib qolishi (ptoz), yutishning qiyinlashishi va gaprish qobilyati pasayishi, bo‘yin va oyoq mushaklari zaiflashishi kabi kasallikning klinik belgilari namoyon bo‘ladi. Kasallikdan o‘z vaqtida davolanmasa o‘lim holati kuzatilishi mumkin. Ushbu belgilar kuzatilganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur, kasallikni uy sharoitida o‘z bilganicha davolash kat’iyan man etiladi.
OGOH BO‘LING! BOTULIZM KASALLIGIDAN SAQLANING!
O‘zingiz va yaqinlaringiz sog‘ligiga befark bo‘lmang!
Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va
jamoat salomatligi xizmatining
Zarbdor tuman bo‘limi