ISH HAQINI NATURA SHAKLIDA TO‘LASH TARTIBI BELGILANDI
Vazirlar Mahkamasining 13.07.2023 yildagi “Ish haqini natura shaklida to‘lashni tartibga solish to‘g‘risida”gi 286-son qarori qabul qilindi.
Ma’lumot uchun: Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rnatilgan hollardan tashqari ish haqini natura shaklida to‘lash taqiqlangan.
Hujjat bilan ish haqini natura shaklida to‘lash tartibi o‘rnatildi. Ushbu shaklda ish haqini to‘lash quyidagi hollarda mumkin bo‘ladi:
- xodim yoki uning oilasi iste’moli uchun ish beruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish;
- o‘ziga xizmat ko‘rsatilishi va uy xo‘jaligini yuritishda ko‘maklashish maqsadida uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchilar tomonidan uy xizmatchilariga oziq-ovqat va vaqtincha yashash uchun uy-joy bilan ta’minlash shaklida hisob-kitob qilish.
Ish haqini ushbu shaklda to‘lashga xodimning roziligi bilan yo‘lga qo‘yiladi va bu haqda mehnat shartnomasida ko‘rsatiladi, shu bilan birga natura shaklidagi to‘lov miqdori oylik ish haqining 30%dan oshmasligi kerak.
Xodimning ish haqidan 50% gacha miqdorda ushlab qolinsa — xodimga natura shaklida to‘lanadigan ish haqining umumiy summasi 10%dan ortiq bo‘lishi mumkin emas, 50%dan ortiq miqdorda ushlab qolinsa — xodimga ish haqini natura shaklida to‘lash taqiqlanadi.
Ish haqini natura shaklida to‘lashda quyidagilar taqiqlanadi:
- xodimning oylik mehnat haqi qonunchilikda Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lganda, ish haqini natura shaklida to‘lash;
- qishloq xo‘jaligi tovar va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlarning narxini ularning tannarxidan yuqori belgilash;
- alkogol, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, kannabis o‘simligi hamda qonunchilikda realizasiya qilish (berish) taqiqlangan o‘simlik va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish;
- uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan oziq-ovqatlar narxini va uy-joydan vaqtincha foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdorini haqiqiy bozor narxidan yuqori narxda belgilash.
Zarbdor tumani adliya bo‘limi Yuridik markazi bosh yuriskonsulti A.Abduvaitov