Zarbdor tumanida 205-sonli Farmonning mazmun-mohiyati tushuntirildi
Zarbdor tumani hokimligi faollar zalida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 12-dekabrda qabul qilingan “Qishloq xoʼjaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 205-sonli Farmonning mazmun-mohiyatini oʼrganishga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi.
Unda tumanda faoliyat olib borayotgan fermer xoʼjaliklari rahbarlari ishtirok etishdi.
Yigʼilishda tuman hokimining qishloq xo'jaligi masalalari bo'yicha o'rinbosari Xasan Mullajonov hamda viloyatdan tashrif buyurgan qishloq xoʼjaligi sohasi vakillari, tijorat banklari mutasaddilari soʼzga chiqib, qabul qilingan mazkur hujjat haqida gapirarkan, uni tarixiy Farmon deya baholashdi.
Farmonga koʼra, 2024 yil hosilidan paxta yetishtiruvchi xoʼjaliklar va klasterlar oʼrtasida paxta yetkazib berish boʼyicha fьyuchers shartnomalari tuproq hosildorligi normativlari doirasida Tovar-xomashyo birjasining "paxta xomashyosi sektsiyasi"da har bir hudud boʼyicha alohida oʼtkaziladigan savdolar natijalariga koʼra tuziladi.
Shuningdek, 2024 yil hosilidan paxta yetishtirish, paxta yigʼim-terimi va xaridini Qishloq xoʼjaligini davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasining kredit resurslari hisobidan moliyalashtirishda fьyuchers shartnomasi tuzgan yetishtiruvchi va urugʼchilik subʼektlariga har yili 1 oktyabrdan, paxta yetishtirish uchun –paxta qiymatining 60 foizigacha yillik 10 foizda 14 oyga, shu jumladan 12 oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratilishi belgilab qoʼyilgan.
Yigʼilishda shu kabi yangiliklar, xususan, klasterlar, tijorat banklari, shuningdek, fermer xoʼjaliklari zimmasiga qoʼyilgan vazifalar alohida taʼkidlab oʼtildi.
Tadbir yakunida fermer xoʼjaliklari raislari oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.