VOYAGA YETMAGANLAR JINOIY JAVOBGARLIGINING XUSUSIYATLARI
Bola huquqlari deklaratsiyasida ko‘rsatib o‘tilganidek, “bola, agar u jismoniy va aqliy jihatdan kamolotga yetmagan bo‘lsa, maxsus ravishda muhofaza va g‘amxo‘rlikka, binobarin, tug‘ilguncha va tug‘ilgandan keyin ham munosib darajadagi huquqiy himoyaga muhtoj”.
Voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekanligi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 45-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan.
Xalqaro huquqiy normalarda belgilangan qoidalarga muvofiq milliy qonunchiligimizda voyaga yetmaganlarning huquqlari bilan birga ularning jinoiy javobgarligi belgilab qo‘yilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortish va jazoni individuallashtirish va differensiyalashtirish xalqaro huquq asoslari sifatida yoritilgan.
Voyaga yetmaganlar javobgarligining xususiyatlarini belgilovchi maxsus normalar Jinoyat kodeksining Umumiy qismi oltinchi bo‘limida o‘z aksini topgan. Oltinchi bo‘lim ikki bobdan iborat bo‘lib, XV bobda “Jazo va uni tayinlash”, XVI bobda “Javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish” normalari belgilangan.
Bu bo‘limda voyaga yetmaganlar jinoiy javobgarligi va jazo masalalari bilan bog‘liq normalar tizimlangan. Voyaga yetmaganlarning nisbatan fuqaroviy, jismoniy va ma’naviy kamolga yetmaganligini inobatga olgan holda ularga jinoiy javobgarlikni yuklash va jazoni qo‘llashning yanada insonparvar prinsiplari va shartlarini umumlashtirish imkonini beradi.
Ma’lumki, Jinoyat kodeksining 16-moddasiga ko‘ra, jinoyat uchun javobgarlik — jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan sud tomonidan hukm qilish, jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishida ifodalanadigan jinoyat sodir etishning huquqiy oqibatidir.
Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat tarkibining barcha alomatlari mavjud bo‘lgan qilmishni sodir etish javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar) bola hisoblanishi belgilangan. Shu sababli, jinoyat qonunchiligida voyaga yetmagan shaxsga jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlik belgilashda voyaga yetmgan shaxsning yoshi, o‘ziga xos fiziologik va intellektual rivojlanishi, bolaning o‘z hatti-harakatlarining mohiyatini anglash qobiliyati, uning jamiyatda tutgan o‘rni, shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan kasbi hamda boshqa omillar hisobga olingan.
Ma’lumki, Jinoyat kodeksining 17-moddasiga asosan, jinoyat sodir etgunga qadar o‘n olti yoshga to‘lgan, aqli raso jismoniy shaxslar javobgarlikka tortiladilar, Jinoyat kodeksida belgilangan ayrim jinoyatlar uchun, jinoyat sodir etgunga qadar o‘n to‘rt yoshga to‘lgan shaxslar javobgarlikka tortiladilar.
Jinoyat sodir etgunga qadar o‘n uch yoshga to‘lgan shaxslar javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirganliklari uchungina javobgarlikka tortiladilar.
Lekin, o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar jinoyat sodir etgan shaxslar umumiy qoidalarga muvofiq javobgarlik tortilsalarda, ularga jazo belgilashda voyaga yetmaganlar javobgarligining xususiyatlari hisobga olinadi.
Ayrim xorijiy davlatlarning jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortishning eng kam yosh chegarasi belgilangan. Masalan, Irlandiya jinoyat qonunchiligida subyekt yoshi 7 yosh, Yaponiyada 13 yosh, Niderlandiyada 12 yosh qilib belgilangan.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligi quyidagi xususiyatlarga ega:
- voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyat qonunida nazarda tutilgan barcha jazo choralari qo‘llanilmaydi;
- voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat uchun jazo tayinlashda sud ularning voyaga yetmaganligini yengillashtiruvchi holat deb hisoblaydi;
- voyaga yetmaganlarga nisbatan tayinlanadigan ozodlikdan mahrum qilish jazosi eng og‘ir jazo sifatida o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
Shu bilan birga, voyaga yetmagan shaxslar uchun javobgarlikni belgilovchi normalar ikki bo‘linadi:
1) jinoyat sodir etgunga qadar voyaga yetmaganlarga nisbatan qo‘llaniladigan normalar;
2) norma qo‘llangunga qadar voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan majburlov choralari.
Jinoyat qonunchiligiga muvofiq, voyaga yetmaganlar, ularning harakatlarida Jinoyat kodeksining 17-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat tarkibi mavjud bo‘lsagina javobgarlikka tortilishi mumkin.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan qo‘llaniladigan jazolar tizimi voyaga yetgan shaxslarga qo‘llaniladigan jazo tizimidan farq qiladi. Masalan, Jinoyat kodeksining 81-moddasiga asosan, o‘n sakkiz yoshga to‘lmasdan jinoyat sodir etgan shaxslarga jarima, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum qilish kabi asosiy jazolar qo‘llaniladi.
Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan, voyaga yetganlarga qo‘llaniladigan muayyan huquqdan mahrum qilish hamda umrbod ozodlikdan mahrum qilish qabi jazolar qo‘llanilmaydi. Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan qo‘shimcha jazolar ham tayinlanishi mumkin emas.
Voyaga yetmagan shaxslarga belgilangan jazolarning miqdori ham voyaga yetgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo miqdorlaridan farq qiladi. Masalan, voyaga yetgan shaxslarga belgilangan jarima bazaviy hisoblash miqdorining miqdorining besh baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorni tashkil etsa, voyaga yetmagan shaxslarga jarima bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan yigirma baravarigacha miqdorni tashkil etadi.
Sud voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda jazo tayinlashning umumiy asoslariga amal qilish bilan birga, voyaga yetmaganning rivojlanganlik darajasi, turmush sharoiti va tarbiyasini, sog‘ligini, sodir etgan jinoyatining sabablarini, katta yoshdagilarning va boshqa holatlarning uning shaxsiga ta’sirini hisobga oladi.
Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarga nisbatan qo‘llanadigan jazo tizimining asosiy vazifasi ham voyaga yetmaganlarni majburlash va tarbiyalash hisoblanadi.
Ozodlikdan mahrum etish eng qattiq jazo bo‘lib, voyaga yetmaganga ham ijobiy, ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun, “voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda, sud eng asvvalo, sodir qilingan jinoyat tavsifini, jamiyatga xavflilik darajasini, shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotni, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilish lozim. Sud voyaga yetmaganga ozodlikdan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazoni belgilashda, faqat shunday holatlarda, qachonki jamiyatdan ajralmagan holda uning tuzalishi mumkin bo‘lmasa, hukmda, albatta, qabul qilingan qarorni asoslash bilan qabul qilishga haqlidir”
Chunki ko‘p hollarda arzimas qilmishi evaziga qattiq jazo olgan voyaga yetmagan shaxs aynan jazo o‘tash muassasalarida yana jinoyat olamiga kiradi, ashaddiy jinoyatchilarga qo‘shilib, ularning turmush tarziga xos ko‘nikmalarni egallay boshlaydi.
Voyaga yetmaganlarning huquqlarini yanada himoya qilish, ularning yoshi, o‘ziga xos fiziologik va intellektual rivojlanishi, o‘z xatti-harakatlarining mohiyatini anglash qobiliyati, ularning jamiyatda tutgan o‘rnini inobatga olgan holda, jinoyat sodir etgan voya yetmagan shaxslarni qayta tarbiyalash zarur. Ularga nisbatan insonparvarlik prinsipini kengroq qo‘llash, qo‘llaniladigan jazolarning samaradorligini oshirish, voyaga yetgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan javobgarlikka tortish va jazoni ijro etish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlik va jazodan ozod qilish muddatlarini qisqartirish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Jinoyat ishlari bo'yicha Zarbdor tuman sudining raisi
Sh.X.Mirzaaxmedov