ODAM SAVDOSIGA QARSHI KURASHISH
Odam savdosi jinoyati, uning oqibatlari, mazkur jinoyatni sodir etilishiga olib kelayotgan omillar bo‘yicha ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda juda ham ko‘p so‘z yuritilmoqda va mazkur jinoyat haqida fuqarolar ozmi-ko‘pmi, muayyan tushunchaga ega.
Ming afsuski, olib borilayotgan salmoqli ishlarga qaramasdan hanuzgacha ushbu jinoyat tag-tugi bilan yo‘qolmagan. Zamonaviy qullikning ko‘rinishi bo‘lgan odam savdosi jinoyatining barham topmayotganligi asosiy sababi tahlil qilinganida, ushbu jinoyat juda “serdaromad” bo‘lib, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlarning manfaatdorligi, aholining huquqiy madaniyati pastligi, hududlardagi iqtisodiy muammolar mavjudligi kabi omillarni ko‘rsatish mumkin.
Xususan, biror-bir mutaxassislikka ega bo‘lmagan shaxslarga, ayniqsa ayollarga chet davlatlardagi yashash va ishlash uchun qulay sharoitlarni o‘ziga xos “reklama” qilinishi, ularning borgan davlatlari va qonunchiligi haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasliklari, erkinligi cheklanganligi va hokazo holatlar natijasida chet davlatlarga aldov yo‘li bilan olib borilgan ishga yaroqli erkaklar va voyaga yetmaganlar majburiy mehnatga, ayollar esa shaxvoniy maqsadlarga majburiy jalb qilinishiga, jinoiy guruh ishtirokchilari fosh etilmasdan va javobgarlikka tortilmasdan qolishiga sababchi bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumki, odam savdosi jinoyati transmilliy jinoyat bo‘lib, birgina O‘zbekiston muammosi emas. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etilishida davlatlar ekspluatatsiya qiluvchi, yetishtirib beruvchi va tranzit guruhlarga bo‘linib, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston yetishtirib beruvchilar turkumiga kiradi.
2020 yil avgustga qadar odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlar 2008 yil 17 apreldagi O‘zbekiston Respublikasining
O‘RQ-154-sonli Qonuni bilan bilan qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solinar edi.
2020 yil 17 avgust kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Qonuni imzolanib, ushbu qonun bilan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi va rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kirishi belgilandi.
Qonun bilan odam savdosiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, odam savdosining oldini olishga qaratilgan huquqiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, profilaktika chora-tadbirlarini, axborotga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, odam savdosini o‘z vaqtida aniqlash va unga chek qo‘yish, uning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi prinsipini ta’minlash, odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ijtimoiy himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari, konferentsiyalar, seminar-treninglar va davra suhbatlari o‘tkazishga doir faoliyatni, shuningdek ushbu sohadagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarini kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga doir faoliyatni rivojlantirish hamda rag‘batlantirish hamda odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi.
Q.Q.Mamaraximov
Jinoyat ishlari bo’yicha Zarbdor tuman sud raisi