Sud tizimida tergov sudyasi lavozimi joriy etildi.
“Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-89-son, 10.06.2024 y.) qabul qilindi.
Ushbu Farmon bilan 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etilmoqda. Ular sudga qadar ish yurituv davrida prosessual qarorlarga sanksiya berish masalasini ko‘rib chiqadi. Shuningdek, tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini, shu jumladan sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi:
a) Sanksiyalar: qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma;
qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘lik, iltimosnoma;
pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;
pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;
tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma;
telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;
mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;
b) Majburlov choralari: ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;
ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi;
ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma.
Qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlash tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Tergov sudyasi lavozimi uchun shtat birliklari sudlarning mavjud shtat birliklari hamda 2025–2027 yillar uchun ajratiladigan qo‘shimcha shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.
Bugungi kunda Belgiya, Gresiya, Iroq, Ispaniya, Niderlandiya va Xorvatiya davlatlarida tergov sudyalari o‘z faoliyatini muvaffaqqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Tergov sudyasi instituti hozirda bir qator sobiq sovet ittifoqi davlatlarida ham, jumladan Litva, Moldaviya, Estoniya, Latviya, Ukraina, Qozog‘iston, Gruziya va Qirg‘izistonda tergov sudyasi institutini joriy etilgan.
Jinoyat ishlari bo’yicha Zarbdor tuman sud raisi
Q.Q.Mamaraximov