Ish tizimli tashkil qilingan yerda albatta natija bo‘ladi
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov sohada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami, joriy yilgi paxta hosildorligi borasidagi natijadorlik, shuningdek, paxta yig‘im-terimi jarayonlariga oid samaradorlikni ko‘zdan kechirish maqsadida ayni vaqtda Jizzax viloyatida bo‘lib turibdi. Tashrifga oid navbatdagi lokatsiya Zarbdor tumanidagi "Paxtakor teks" MChJ ga qarashli Zarbdor paxta tozalash korxonasi bo‘ldi.
Ushbu korxonada paxta qabul qilish punkti mavjud bo‘lib, unda hosili terib olingan paxtalar vaqtinchalik saqlash uchun jamlanadi. Aytish mumkin, maskandagi hozirgi ish jarayonlari ijobiy holatda. Har bir paxta yuki ortilgan transport vositasining raqamlari onlayn tartibda ro‘yxatga olinmoqda. Paxtaning umumiy og‘irligi, kilogrammlarga oid aniq ma’lumotlar esa, "Agroplatforma.uz" tizimiga shaffof tarzda kiritib borilmoqda.
Umumiy ish ko‘lami juda katta bo‘lsa-da, vazirlik ishchi guruhi vakillari hamda korxona mas’ullarining o‘zaro hamkorligi natijasida barcha jarayonlar tizimlashtirilgan holda kechmoqda. Paxta navlari, ularni qayta tartibda saqlash, standartlashgan texnologik uslublarni qo‘llash va jamlangan mahsulotlarga doir muhim ma’lumotlarni platformalarda aks ettirish masalalari tajribalarga asoslangan holda hal etilmoqda.
Umumiy 15 gektar maydonni o‘zida qamrab olgan ushbu korxonada 45 ta chigitli paxtani uzoq vaqtda saqlash bundlari tashkil etilgan. Hozirda ushbu majmuada 250 dan ortiq ishchi xodimlar faoliyat olib bormoqda. Uzoq va vaqtinchalik saqlash uchun jamlangan paxtalar tajribali mutaxassislarning doimiy nazoratida bo‘lib turibdi.
Vazir umumiy jarayonlarni ko‘zdan kechirarkan, ishlar to‘g‘ri tashkil etilgani, mas’ullardagi faoliyatlariga oid javobgarlik hissini yuqori baholadi. Shuningdek, kelgusida bundan-da yaxshi ko‘rsatgichlarni qayd etish, sohada yangi tajribalarni qo‘llash, xodimlardagi nazariy va amaliy tajribalarni bosqichma-bosqich rivojlantirish borasida o‘zining tavsiya va ko‘rsatmalarini bildirib o‘tdi.
Paxta dalalari uchun organik dehqonchilikka asoslangan yangi texnologiya ishlab chiqilmoqda
Qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan ishlar samaradorligini o‘rganish, joriy yilgi paxta hosili borasidagi natijalarni ko‘zdan kechirish maqsadida Jizzax viloyatiga tashrif buyurgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning tashrifga oid navbatdagi manzili Zarbdor tumanidagi "Sharq paxta" fermer xo‘jaligiga qarashli paxta dalalari bo‘ldi.
Umumiy 42 gektar maydonni o‘z ichiga olgan ushbu hududning 6 gektariga paxtaning Xitoy navlari 90 sxemada, gektariga 100 mingta ko‘chat qilib ekilgan. Vazir ushbu holatni ko‘zdan kechirarkan, kelgusida ekin mavsumida 76 sxemadan foydalangan holda, gektarida 240 ming ko‘chat ekish borasida o‘zining fikrlarini bildirdi.
Aytish mumkin, bugungi kunda qishloq xo‘jaligida yangicha yondashuv va innovatsion tajribalar keng qo‘llanilmoqda. Xususan, yurtimiz dalalarida ham zamonaviy, standartlashgan agrotexnik loyihalarni tatbiq etish ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Ayni vaqtda Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan "VIII Butunjahon paxta tadqiqot konferensiyasi"da ham bir qator olimlar tomonidan yo‘nalishga oid yangi ilg‘or loyihalar taklif etilmoqda.
Masalan, "Karbon kredit" ya’ni, organik dehqonchilikka asoslangan paxta yetishtirish texnologiyasi. Ushbu loyihaning afzalligi shundaki, g‘o‘zapoyalarni ma’lum amaliyot asosida tuproq ostida kuydirish va undan hosil bo‘lgan mayda ko‘mirlarni dala maydonlariga sepgan holda yer unumdorligi, tuproq sifati va ekin hosildorligini oshirish imkoniga ega bo‘lish mumkin.
Vazir, ushbu texnologiya borasidagi taklif va tashabbuslarini fermer xo‘jaligi mas’ullariga bildirar ekan, organik paxta yetishtirish orqali ko‘plab natijadorliklarga erishish mumkinligini qayd etdi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, organik dehqonchilikni keng yo‘lga qo‘yish orqali havoni zararli moddalardan himoya qilish, shuningdek, atmosferani toza saqlashga erishish mumkin. Shu bilan birga, ekin uchun lozim bo‘lgan tuproq sifati ham ortadi.
Shu o‘rinda, vazir kelgusi ekin davrida xorij navlarini plyonka ostiga olgan holda, tomchilatib sug‘orish yordamida yetishtirish, bunda to‘g‘ri va samarali yondashuvlarni ishlab chiqish, hosil sifatini oshirishga qaratilgan agrotexnik tadbirlarni tizimli tashkil etish va tomchilatib sug‘orishda boshqa fermer xo’jaliklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo’yish orqali, unumdorlikka erishish borasidagi o‘zining ko‘rsatmalarini bildirdi.