O‘g‘rilik jinoyati nima, qanday malakalanadi?
O‘zganing egaligida bo‘lgan mulkni olib qo‘yish o‘g‘rilikka xos. Biroq u ishlab chiqarishda ishchi tomonidan xom ashyoni yoki tayyor mahsulotni, vaqtincha qarab turishga tashlab ketilgan, magazinda kiyib ko‘rish uchun olingan, boshqa birovga yetkazib berish uchun topshirilgan mulkni o‘marish kabi ko‘rinishda ham bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasida o‘g‘rilik tushunchasiga ta’rif berilgan. Unga binoan, o‘g‘rilik o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishdir. Talon-tarojning eng ko‘p tarqalgan shakli aynan "qo‘li egri"lik hisoblanadi. Tergov amaliyotida ham o‘g‘rilikni ochish foizlari uncha katta emas. Chunki u yashirin ravishda sodir etiladi.
Ushbu jinoyatning sub’yekti 14 yoshga to‘lgan har qanday aqli raso jismoniy shaxs bo‘lishi mumkin.
Shuni ta’kidlash lozimki, mulkni yashirin talon-toroj qilish o‘g‘irlanayotgan mulkka nisbatan uni tasarruf etish, boshqarish, yetkazib berish yoki saqlash bo‘yicha muayyan vakolatlarga ega shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, bu qilmish Jinoyat kodeksi 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. Ushbu moddaning birinchi qismi bo‘yicha jinoiy javobgarlik faqatgina tashkilot, muassasa va korxonalardan xodim tomonidan o‘g‘irlangan mulkning umumiy qiymati eng kam oylik ish haqining besh baravaridan yuqori bo‘lganda kelib chiqadi. Aks holda shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 61-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Agar o‘g‘irlangan mulkning umumiy qiymati Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 61-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan miqdordan oshib ketmasa (talon-toroj qilingan mulk qiymati eng kam ish haqining o‘ttiz baravaridan oshmasa), necha marotaba mayda o‘g‘rilik sodir etilganidan qat’i nazar, shaxs faqatgina ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
O‘g‘irlangan mulkning miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan kunda amalda bo‘lgan, Respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. O‘g‘irlangan mulk qiymatini aniqlashda ishning muayyan holatlariga qarab, huquqbuzarlik sodir etilgan kundagi shartnomaviy, bozor, birja baholariga asoslaniladi.
Jinoyat kodeksi 169-moddasining 1-qismida o‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘rsatilgan.
Kissavurlik, ya’ni kiyim, sumka yoki boshqa qo‘l yukidagi ashyoni o‘g‘irlash respublikamizning jinoyat qonuniga yangi kiritilgan og‘irlashtiruvchi holatdir. Kissavurlikning ijtimoiy xavfliligi, birinchidan, uning ancha ko‘p tarqalganligi bilan, ikkinchidan, aybdor bevosita jabrlanuvchining o‘zida turgan mulkni tortib olishi, agar egasi o‘z mulkiga suiqasd qilinayotganini payqab qolsa, unga nisbatan zo‘rlik ishlatilishi xavfi tug‘ilishi mumkinligi bilan izohlanadi.
Masalaning bir jihati, o‘g‘rilik sodir etilayotgan vaqtda kiyim jabrlanuvchining egnida yoki qo‘lida bo‘lishi kerak. Agar aybdor garderob yoki ilgichda osig‘liq turgan kiyim cho‘ntagidan ashyoni qonunga xilof ravishda olsa, kissavurlik tarkibi mavjud bo‘lmaydi.
Agar sumka yoki qo‘l yuki jabrlanuvchining qo‘lida bo‘lsa yoki jabrlanuvchining o‘zida yoxud uning yonida bo‘lsa (masalan, jomadon, sumkani jabrlanuvchi xordiq chiqarish, nimadir sotib olish va hokazo uchun yoniga qo‘ygan bo‘lsa), ya’ni bu ashyolar yana yo‘lga tushganida uning o‘zi bilan birga bo‘ladigan bo‘lsa, bu holda Jinoyat kodeksi 169-moddasi 2-qismi "a" bandi qo‘llanadi.
O‘g‘rilikni ochiq joyda emas, balki uy-joyga, omborxonaga yoki boshqa xonalarga g‘ayriqonuniy ravishda kirib sodir etishning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori. Buni shunday asoslash mumkin. Birinchidan, ochiq joylarda sodir etilganda, talon-toroj qilinishi mumkin bo‘lgan mulkning miqdori cheklangan bo‘lib, jinoyatchi o‘sha yerda borinigina oladi. Uy-joyga, omborxonaga va boshqa xonalarga kirib o‘g‘rilik qilganda esa, jinoyatchining imkoniyatlari kengayib ketadi. Ya’ni, uyda saqlanayotgan qimmatbaho narsalar, zeb-ziynat buyumlari, jamg‘arilgan pullarga egalik qilish imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
Ikkinchidan, o‘g‘rilik ochiq joyda yuz bersa, jinoyatchining imkoniyatlari kamroq, jabrlanuvchining tajovuzdan qutulib qolish sharoiti kengroq bo‘ladi. Ya’ni, jabrlanuvchi mulkni o‘zida saqlab qolish uchun qarshilik ko‘rsatishi, qochib qutulishi, atrofdagilarning yordamiga tayanishi, himoya qilishni so‘rab atrofdagi odamlarga murojaat qilishi, sodir etilgan jinoyat yuzasidan tezkor choralar ko‘rish uchun ichki ishlar xodimlariga murojaat qilishi mumkin. Uy-joy, omborxona yoki boshqa xonalarga o‘g‘ri oralaganda esa aksincha: jabrlanuvchi barcha imkoniyatlardan mahrum bo‘lib, chorasiz qoladi. Qolaversa, mazkur holatda o‘g‘rilikdan bosqinchilik jinoyati ham "o‘sib" chiqishi mumkin.
Takroran o‘g‘rilik jinoyatini sodir etish deganda, shaxsning ikki yoki undan ko‘p marta o‘g‘rilik jinoyatini sodir etganligi, ammo ularning birortasi uchun ham sudlanmagani tushuniladi. Birinchi o‘g‘rilik jinoyatini sodir etishda tamom bo‘lgan yoxud jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish yoki suiqasd qilish bosqichida to‘xtatilgan yoki ishtirokchilikda sodir etilgan bo‘lsa, o‘g‘rilik takroran sodir etilgan hisoblanadi.
Bundan tashqari, o‘g‘rilik kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirib ham amalga oshiriladi. Bunda aybdor kompyuter tizimiga yashirincha kirib, undagi mol-mulkni o‘zi yoki boshqa shaxslarning nomiga o‘tkazadi. Shuningdek, bu jinoyatlar internet tarmoqlari orqali sodir etilishi ham mumkin. Bu harakatlar asosan yashirin sodir etilgani sababli o‘g‘rilik kabi baholanadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat tomonidan qat’iy narx belgilash imkoniyati yo‘qligi sababli talon-toroj qilingan narsalarning qiymatini aniqlashda muayyan qiyinchiliklar yuzaga keladi. Shuning uchun talon-toroj etilgan mol-mulkning qiymati shu qilmish sodir etilgan paytda mazkur mintaqadagi o‘rtacha bozor narxlari bo‘yicha belgilanadi. Qiymatni belgilashda mol-mulk holati, ishlab chiqarilgan vaqti, eskirgani, tovar ko‘rinishi, shu narsalardan foydalanish imkoniyatlari darajasi va hokazolar e’tiborga olinadi.
O‘g‘rilik jinoyatini sodir etgan shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish jarayonida surishtiruv, tergov va sud amaliyotida jinoyatchi shaxsini aniqlab, qilmishini yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi barcha holatlar yetarlicha baholangach, adolatli jazo tayinlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, jinoyatlar sodir etilishining oldini olish tayinlanadigan jazoning adolatli bo‘lishiga ham ko‘p jihatdan bog‘liq.
Jinoyat ishlari bo'yicha Zarbdor tuman sudining raisi Sh.X.Mirzaaxmedov