Mulkiy huquqlariga oid cheklovlar saqlanib qoladi.
To‘lov intizomini va shartnomaviy majburiyatlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan yangi institut – “Majburiyatlar reyestri” instituti joriy etilmoqda.
Ushbu reyestrni 2024-yil dekabrdan boshlab Majburiy ijro byurosi tomonidan yuritilishi rejalashtirilgan.
Majburiyatlar reyestrini ishlash tartibi va ahamiyati nimadan iborat?
Avvalambor, sud qarori bilan majburiyat yuklatilgan shaxsning yoki tashkilotning pul mablag‘i yoki mol-mulki yo‘qligi uni sud qarorini bajarishdan ozod qilmaydi, balki ushbu qarzdor to‘g‘risidagi ma’lumotlar Majburiyatlar reyestriga kiritiladi.
Reyestrga kiritilgan qarzdorning mulkiy huquqlariga oid cheklovlar saqlanib qoladi va olib tashlanmaydi. Biroq, kelajakda qarzdorning mol-mulki yoki mablag‘lari aniqlanganda, tegishli majburiy ijro harakatlari davom ettiriladi.
Majburiyatlar reyestriga kiritilgan qarzdor o‘z majburiyatini bajarganda yoki ijro hujjati bekor bo‘lganda, qarzdor bankrot deb topilganda yoxud 10 yil davomida uning mol-mulki aniqlanmaganda, qarzdorning arizasiga ko‘ra, ma’lumotlar Reyestrdan chiqariladi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu chora undiruvchilarning qonuniy manfaatlari ta’minlanishining muhim kafolati hisoblanadi hamda sud qarorlarining so‘zsiz ijro etilishiga xizmat qiladi.