TADBIRKORLIK SOHASIDAGI MAJBURIY TALABLARNI QISQARTIRISH HAMDA TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINING STATISTIK MAʼLUMOTLARNI TOPSHIRISH TIZIMINI SODDALASHTIRISH.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda tadbirkorlik subyektlarining statistik maʼlumotlarni topshirish tizimini soddalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlari bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda kuni kecha qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik maʼlumotlarni taqdim etish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati muhokama qilindi.
Xususan, Farmon bilan 2024 yil 1 martdan boshlab 16 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinmoqda, shu jumladan:
– 7 turdagi ruxsat beruvchi hujjat to‘liq bekor qilinadi (masalan, bojxona tashuvchilari reyestriga kirishda yuklarni tashish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi);
– 6 turdagi ruxsat beruvchi hujjat birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi (xususan, eksport nazorati obyektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma hamda maxsus tovarlar eksporti va importi uchun litsenziya birlashtirilmoqda);
– 3 ta litsenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga o‘tkaziladi (masalan, endilikda turagentlik faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish mumkin bo‘ladi).
Chiqish turizmini amalga oshirishda 15 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish bekor qilinadi. Bunda xavfni majburiy sug‘urta qilish tartibini joriy qilish orqali favqulodda holatlarning oqibatlari bartaraf qilinadi. Natijada 1,6 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 24,5 mln dollar qoladi.
Mehmonxonalarni sertifikatlashtirish uchun arizaga kadastr hujjatlarini talab qilishga chek qo‘yiladi (hozirda 1,2 mingta mehmonxonalar mavjud bo‘lib, kadastr hujjatini idoralararo axborot almashuv orqali olish imkoniyati yaratilgan).
Endilikda yuridik shaxslarga tegishli transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish joylarini ixtiyoriy ravishda tanlash mumkin (bugunga qadar texnik ko‘rikdan o‘tkazish ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan joylarda o‘tkazilayotgan edi). Hozirda 4,1 mlnta transport vositalari va 276 ta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar mavjud.
Farmonda belgilangan yana bir muhim tartib ayrim sohalarda lizenziya va ruxsat berish tartib-taomillari soddalashtirilgan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etilmoqda.
Bunda litsenziya va ruxsatnoma olmasdan vakolatli organni xabardor qilgan holda 3 oy davomida faoliyat amalga oshirishga ruxsat etiladi, ushbu muddat tugagandan so‘ng tadbirkor tegishli litsenziya yoki ruxsatnomani belgilangan tartibda oladi yoki mazkur faoliyatni amalga oshirishni to‘xtatadi.
Bundan tashqari, Farmon bilan 2024-yilda normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholashdan o‘tkazish rejasi tasdiqlandi.
Shuningdek, majburiy talablarni qisqartirish, litsenziya va ruxsatnomalarni olishni soddalashtirish bo‘yicha 33 ta banddan iborat “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ushbu yo‘l-xaritada 28 ta litsenziya va ruxsatnomadagi 50 tadan ziyod talablarni soddalashtirish nazarda tutilmoqda.
Litsenziya va ruxsatnoma berish tizimini soddalashtirish maqsadida 71 ta litsenziya va ruxsatnomalarning pasportlarini ishlab chiqiladi (amalda 70 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalarni berish tegishli pasport va yagona nizom asosida amalga oshirilmoqda).
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik maʼlumotlarni taqdim etish tizimini yana-da soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2024 yildan boshlab 34 turdagi tadbirkorlar tomonidan davlat organlariga topshiriladigan hisobotlar bekor qilindi.
Jumladan, boshqa davlat organlaridan maʼlumot olish imkoniyati mavjud bo‘lgan, maqbullashtirish hisobiga hamda tanlanma kuzatuvga o‘zgartirish orqali 26 turdagi statistik va bir-birini takrorlovchi hamda tegishli axborot tizimlarida mavjud bo‘lgan boshqa 8 turdagi hisobotlar bekor qilindi.
Ushbu hisobotlar tadbirkorlar tomonidan choraklik va yillik davrlarda topshirilgan bo‘lib, ularning bekor qilinishi natijasida
har yili 21,5 ming nafar tadbirkorning 500 mln so‘m miqdordagi moliyaviy xarajatlari tejaladi.
Mazkur ishlarni davom ettirish maqsadida tadbirkorlik subyektlaridan hisobot oluvchi masʼul davlat organlariga har yili maʼlumotlari elektron bazalardan olish imkoni bo‘lgan hisobotlarni maqbullashtirish topshirilgan.
Tadbirkorlar tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobotlarning 50 foizga qisqartirilgan yagona ro‘yxati tasdiqlanmoqda.
Q.Q.Mamaraximov
Jinoyat ishlari bo’yicha Zarbdor tuman sud raisi